Referent narxlarni shakllantirish boʻyicha Moldova tajribasi oʻrganilmoqda
Yurtimizda dori vositalari narxlarini tartibga solish va shaffof mexanizmlarni joriy etish maqsadida, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Referent narxlarni shakllantirish boʻlimi mutaxassislari Moldova tajribasini oʻrganishmoqda.
Moldovaga tashrif doirasida Markaz xodimlari Moldovaning Dori vositalari va tibbiy buyumlar agentligi – Agenția Medicamentului și Dispozitivelor Medicale (AMDM) mutasaddilari bilan uchrashib, mazkur regulyator organining 2010-yildan buyon amaliyotga tadbiq etib kelinayotgan referent narx shakllantirish tizimi boʻyicha tajribasi bilan yaqindan tanishdi.
Maʼlumot uchun, Moldova Dori vositalari va tibbiy buyumlar agentligi (AMDM) farmatsevtika mahsulotlarini tartibga soluvchi asosiy davlat organi boʻlib, dori vositalari va tibbiy buyumlarning roʻyxatdan oʻtkazilishi, sifat nazorati, narx shakllantirish va ularning xavfsizligini taʼminlash bilan shugʻullanadi.
Shuningdek, dori vositalari narxlarini belgilash va nazorat qilish jarayonlarini tartibga solish boʻyicha Agentlikda amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganilib, ularni mamlakatimiz sharoitida qoʻllash imkoniyatlari tahlil qilindi.
Mazkur tashrif — mamlakatimizda dori vositalarining iqtisodiy jihatdan asoslangan va shaffof narxi shakllanishi, shuningdek, aholiga sifatli va maqbul narxlarda farmatsevtika mahsulotlarini taqdim etish jarayonlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.